WordPress plaginlari

«Plugin (plug in)» so’zi «qo’shish», «ulash» degan ma’noni anglatadi. WordPressga oid ma’noda esa plaginlar saytga qo’shimcha imkoniyat, qo’shimcha funksiya taqdim etishga mo’ljallangan maxsus kichik dasturlarni anglatadi. Plaginlarning vazifasini yaxshiroq tushunib olish uchun ularning ishlatilishini misollarda ko’ramiz.

Misol uchun, WordPress dasturining o’zida sayt orqali foydalanuvchilar tomonidan sayt administratorining email manziliga xat yuborish tayyor funksiyasi mavjud emas. Siz PHP kodni yaxshi o’zlashtirgan holda bu imkoniyatni kod yozib chiqish orqali saytingizda tashkil etishingiz mumkin, ammo WordPressning asos qismida bu narsa tayyor holda mavjud emas. O’rta va oddiy darajadagi tajribaga ega bo’lgan, o’zi mustaqil holda PHP kodlarni yoza olmaydigan, web dasturchi bo’lmagan sayt administratorlari uchun WordPress saytiga huddi shu qulaylikni taqdim etuvchi qo’shimcha dastur – plaginlarning bir necha turi taklif etilgan. Ulardan birini o’rnatish orqali saytingizda «Administrator bilan bog’lanish» formasini ko’rsatishingiz mumkin. e-haker.zn.uz saytining biz bilan bog’lanish bo’limida ham plagin yordamida administrator bilan bog’lanish imkoniyati tashkil etilgan.

Yana bitta misol: WordPress saytlarida foydalanuvchilarning fikr bildirishlari imkoniyati bor. Ko’pincha bu imkoniyatdan spammerlar reklama vositasi sifatida foydalanishadi va saytingiz maqolalariga keraksiz reklama yozuvlarini bildirilgan fikr sifatida yozib ketishadi. WordPress asos imkoniyatiga ko’ra administrator bildirilgan fikrlarni tasdiqlangandan keyin ko’rsatilishini sozlab qo’yishi va birma-bir ko’zdan kechirib, keyin tasdiqlashi mumkin. Bunday holatda reklama yozuvlarini qo’lda o’chirib chiqadigan sayt administratorining ishi ko’payadi. Huddi shu ishni osonlashtirish maqsadida «Akismet» nomli plagin tayyorlangan. Bu plagin bildirilgan fikrlarni avtomatik tarzda tekshiradi va uning reklama yoki reklama emas ekanligini aniqlaydi. Reklama yozuvlari sozlanmalarga ko’ra o’chiriladi va saytga chiqarilmaydi, maqolalarga bildirilgan haqiqiy fikrlar esa administratorning hech qanday aralashuvisiz saytda chop etiladi.

Plaginlar bepul yoki pulli bo’lishi mumkin. Bepul plaginlarning eng katta zaxirasi wordpress.org plugins sahifasida joylashgan. Bu saytda plaginlar kalit so’zlarga ko’ra bo’limlarga ajratilgan. O’zingizga kerakli bo’lgan plaginni topish uchun shunchaki uning qulayligi, funksiyasini qidiruv formasida yozing. Masalan, Sizga saytingizda chat imkoniyatini beruvchi plagin kerak bo’lsa, qidiruvda «chat» deb izlang. Kerakli plaginni topganingizdan so’ng uni yuklab olib, ZIP fayl ko’rinishidagi plaginni WordPress asosida ishlaydigan saytingizning administrator qismidagi «Plagini» bo’limi orqali saytga chiqarishingiz va o’rnatishingiz mumkin. Bundan tashqari saytning admin qismida, «Plagini» bo’limi ichida WordPress.org sayti plaginlar zaxirasiga avtomatik ulanish va zaxira ichidan izlash, darxol o’rnatish qulayliklari mavjud.

Pulli plaginlarni esa turli web studiyalar, alohida shaxslarning rasmiy saytlaridan topasiz. ThemeForest.net saytida ham pulli plaginlar talaygina. Odatda pulli plaginlar bepullaridan o’zining chiroyliligi, ko’proq funksiyani bajara olishi va boshqa jihatlari bilan ajralib turadi.

Plaginni WordPress saytiga o’rnatishning asosiy 3 usuli bor. Har biri bir xil vazifani bajaradi va ularning qay biridan foydalanishingiz ahamiyatsiz:

1. Plaginning ZIP faylini yuklab olish va WordPress admin qismining «Plagini» bo’limi orqali uni saytga yuklab, o’rnatish.

2. (bepul plaginlar o’natmoqchi bo’lganingizda) saytning «Plagini» bo’limi orqali plaginlar zaxirasini izlash va avtomatik tarzda o’rnatish.

3. Plagin ZIP faylini kompyuteringizga yuklash, ZIP papka ichidagi fayllarni alohida chiqarib olish va FTP dasturi orqali uni serveringizdagi plaginlar papkasiga chiqarish (tajribasizlar uchun qiyinroq usul).

Plaginlar haqida, ayniqsa WordPress plaginlari haqida internetda ma’lumot juda ko’p. Agar ingliz tilini yaxshi bilsangiz, bunday ma’lumotlarni tez va oson topib, o’rganib olishingiz mumkin. Rus tilida ham plaginlar haqida ma’lumot yetarli. Har qanday holatda ham, rus yoki ingliz tilida, plaginlarga oid har qanday savollaringizni Google orqali qidiring. Boshlanishida qidiruv mashinasi orqali mustaqil ravishda ma’lumot qidirib, uni o’qib o’rganish qiyin tuyulishi mumkin. Ammo, ishoning, bu tarzda o’rganish kimdandir so’rab, javob kutishdan ancha samaraliroq.

Kompyuterda muommo bormi yoki undan professional tarzda foydalanishni bilmaysizmi? Unda «e-haker» ga xush kelibsiz! Murojaat uchun tel: (+99897) 5667333; E-mail: eldor-haker@umail.uz ; Telegramdagi rasmiy kanalimiz: @HakerlikSirlari