WordPress Multisayt (WPMU) o’rnatish va sozlash

WordPress Multisayt (inglizchada: Multisite) imkoniyati barcha WordPressning zamonaviy versiyalarida ichki o’chirilgan imkoniyat sifatida taklif etiladi. Hozirgi kundagi WordPress tizimlarining barchasida WordPress Multisayt (WPMU) funksiyasi bor va uni osonlik bilan yoqib, o’z saytingizda ishlatishingiz mumkin. WPMU inkoniyati bitta WordPress tizimi asosida bir necha saytlarni boshqarish imkoniyatini berishi bilan bir qatorda huddi Azamat.uz saytidagidek ko’p tilli sayt imkoniyatini qurishda ham yordam berishi mumkin. Ushbu saytda ko’rib turganingiz – ko’ptillilik imkoniyati aynan WPMU yordamida tashkil etilgan. Har bir e-haker.zn.uz/uz/ , e-haker.zn.uz/en/ va e-haker.zn.uz/ru/ tilli versiyalari WPMU yordamida alohida sayt sifatida ochilgan. Ushbu maqolada huddi shu tarzda saytlar tarmog’ini tashkil etishni o’rganamiz.

WordPress Multisayt nima?

WPMU bitta o’rnatilgan WordPress tizimi doirasida bir necha saytlarni (sub-saytlarni) ochish imkoniyatini beradi. Bitta WordPress tizimini o’rnatish orqali Siz o’zingiz istagancha boshqa qo’shimcha saytlarni bitta domen ostida ochishingiz mumkin. WPMUni ZiyoNet tarmog’idagi saytlar misolida ko’rishimiz mumkin: bitta WordPress tizimi ZN.UZ domeni ostida o’rnatilgan va WPMU imkoniyati yordamida birinchi.ZN.UZ , ikkinchi.ZN.UZ , uchinchi.ZN.UZ … va hokazo.ZN.UZ saytlar ochilgan. WPMU yordamida WordPress administratori qo’shimcha saytlarni ochib berishi, yoki ZiyoNet tarmog’idagi bepul saytlarni ro’yxatdan o’tkazish tizimi singari erkin registratsiyani ochib qo’yishi mumkin.

WPMU afzalliklari:

1. Administrator tizimdagi barcha qo’shimcha sub-saytlarni bitta panel orqali nazorat qila oladi;

2. Har bir qo’shimcha saytning o’z admini bo’ladi va ular o’z saytlarini istalgancha boshqarishlari mumkin;

3. Bir marta yuklangan shablon yoki plaginni barcha sub-saytlar uchun o’rnatish mumkin;

4. Shablon, plagin va WordPress tizimini yangilash ancha oson: bitta yangilash barcha saytlarga ta’sir qiladi.

WPMU kamchiliklari:

1. Tarmoqdagi barcha saytlar bitta WordPress tizimi asosida ishlaydi. Demak, asosiy WordPress tizimi ishdan chiqsa uning tarkibidagi barcha saytlar ham ishdan chiqadi;

2. Boshlang’ich darajadagi WordPress ustalari uchun sub-saytlarni boshqarish ayniqsa traffik va saytlar talab qilayotgan resurslarni boshqarishda qiyin bo’lishi mumkin;

3. Tarmoqdagi bitta saytga hakerlar xujumi bo’lsa, bu xujum tarmoqdagi barcha saytlarga ta’sir qiladi;

4. Ba’zi plaginlar WPMU uchun boslashmagan bo’ladi va tarmoqda yaxshi ishlamasligi mumkin.

Kimlar WPMUdan foydalanishi kerak?

Siz foydalanib turgan WordPress tizimida WPMU borligi undan albatta foydalanishingiz kerak, degani emas. Har bir yangi o’rnatilgan WordPress tizimida WPMU imkoniyati o’chirilgan bo’ladi. Uni faqat zarur sharoitda, kerak bo’lganda yoqish tavsiya etiladi. Quyidagi holatlar, mening shaxsiy fikrimga ko’ra, WPMU imkoniyatini yoqib, ishlatishingizga arziydi:

1. Agar saytingizni turli ma’lumotga asoslangan ko’p tilli qilishni xohlasangiz (bir ma’lumotli va turli ma’lumotli ko’p tillilik haqida keyingi maqolada batafsil ma’lumot beriladi). e-haker.zn.uz saytidagi turli ma’lumotga asoslangan ko’p tillilik WPMU yordamida tashkil etilgan.

2. Agar saytingiz katta portal bo’lsa va turli yo’nalishlari ustida turli guruhlar ish olib borsa. Masalan, asosiy saytingiz www.saytingiz.uz bo’lsin. Saytingizning adabiyot, kino, biznes va texnologiya kabi bir-biridan farq qiluvchi yo’nalishlari bor. Shunday holatda har bir yo’nalish uchun adabiyot.saytingiz.uz , kino.saytingiz.uz, biznes.saytingiz.uz va texnologiya.saytingiz.uz saytlarini ochasiz. Har bir saytning o’z administratorlari, boshqaruvchi va yurutuvchi jamoalari bo’ladi. Adabiyotchilar yozgan maqolalarga biznesdagi yoki kinodagilar aralashmaydi.

3. Turli mintaqalarda filiallariga ega bo’lgan tijorat korxonalari saytiga ega bo’lsangiz. Misol uchun, WPGO korxonasiga ega bo’lsangiz va bu korxonaning Termizdagi filiali Toshkentdagi filialidan farq qilsa (narxlarda, xizmat va maxsulot turlarida…), termiz.wpgo.uz va toshkent.wpgo.uz saytlarini ochishingiz mumkin. Bunda har bir filial o’z saytini boshqaradi.

4. Turli mintaqalarda boshqarmalariga, bo’limlariga ega bo’lgan davlat/nodavlat tashkilotlar saytlarini tuzayotgan bo’lsangiz.

5. Agar sayt maktab yoki kollejga tegishli bo’lsa va maktab/kollej o’quvchilari bitta domen ostida o’z saytlariga ega bo’lishlariga ruxsat bermoqchi bo’lsangiz.

WPMU uchun hostga qanday talablar bor?

WPMU bir necha saytlar bilan odatiy hostingda ham juda yaxshi ishlaydi. Ammo tarmoqdagi saytlar soni haddan oshiq ko’payib ketsa, bu tizimning hostga ko’proq yuk bo’lishini anglatadi. Shunday ekan, multisayt tarmog’ida 5-10 ta sayt yuritish rejasida bo’lsangiz, odatiy hostingdan foydalanishingiz mumkin. Ammo ZiyoNet singari cheksiz subdomenli saytlar imkoniyatini taklif etmoqchi bo’lsangiz VPS serverlardan foydalanishingizni tavsiya etaman.

Hostingdan tashqari WPMU bilan ishlashda administratorga ham ba’zi talablar bor. Multisaytni boshqaruvchi kishi FTPdan yaxshi foydalana olishi va WordPress tizimini avtomatik bo’lmagan usulda o’zi o’rnata olishi kerak. Bu kelajakda yuz berishi mumkin bo’lgan nosozliklarni pulli xizmatlarga murojaat qilmasdan, mustaqil ravishda bartaraf etish uchun kerak bo’ladi.

WPMU domenlari shaklini tanlash

WordPress Multisayt yordamida quyidagi ikki ko’rinishda bo’lgan domen asosida ishlaydigan sayt tashkil eta olasiz:

1. birinchi.saytingiz.uz (masalan: ingliz-tili.e-haker.zn.uz )

2. saytingiz.uz/birinchi (masalan: e-haker.zn.uz/ingliz-tili )

Yuqoridagilarning birinchisi, birinchi.saytingiz.uz ko’rinishi, «subdomen sayt» deb yuritiladi. Bu turdagi domen shaklini tanlamoqchi bo’lsangiz hostingda (serverda) ba’zi o’zgarishlarni amalga oshirishingiz kerak bo’ladi (bu haqida ushbu maqola davomida aytib o’tamiz).

Yuqoridagilarning ikkinchisi, saytingiz.uz/birinchi ko’rinishi, «subdirektoriya sayt» deb yuritiladi. Bunda har bir yangi o’rnatilayotgan sayt asosiy sayt ichida yangi papka tashkil qilish orqali o’rnatilishini anglatadi. Bunday ko’rinishdagi domenni tanlaganingizda asosiy sayt sozlanmalarida chiroyli permalinklarni yoqib qo’yishingizning o’zi kifoya (bu haqida alohida maqola yozamiz).

Serverda Wildcard Subdomenlarni sozlash

Yuqoridagi bo’limda aytib o’tilgan birinchi turdagi (birinchi.saytingiz.uz) subdomen ishlashi uchun serveringiz (hostingingiz) paneliga o’tib, ba’zi o’zgarishlarni qilishingiz kerak bo’ladi. Bu o’zgarishlar juda oson. Shunchaki hosting boshqaruv paneliga kiring va mana bu ko’rinishga yaqin bo’lgan subdomenlarni sozlash boshqarish bo’limini oching:

Keyingi sahifadagi kerakli joyda * (yulduzcha) belgisini yozib, dropdaun menyudan saytingizning asosiy domenini tanlashingiz kerak. Saytning asosiy papkasini panelning o’zi avtomatik topib ko’rsatadi. O’zgarishlarni saqlash tugmasini bosing va hammasi tayyor:

WPMU imkoniyatini yoqish

Har bir WordPress tizimi o’rnatilishida WPMU imkoniyati bo’ladi. Demak, yangi WordPress o’rnatishingizda bu imkoniyatni yoqishingiz yoki avvaldan ishlab turgan WordPress saytingizda bu imkoniyatni yoqib ishlatishingiz mumkin.

WordPress tizimida WPMU imkoniyatini yoqishdan avval saytingizning to’liq zahira nusxasini olishni unutmang. Har narsa bo’lishi mumkin. Oddiy xatolik tufayli saytingiz ma’lumotlari o’chib ketishini yoki o’zingiz mustaqil sozlay olmaydigan nosozliklarning kelib chiqishini xohlamayman. Zahira nusxa olish zarar qilmaydi.

WPMU imkoniyatini yoqish uchun FTP dasturi orqali serverga bog’laning. Saytingizning asosiy papkasida wp-config.php faylini topib, oching. Uni tahrirlaymiz.

Bu fayl ichidagi /* That’s all, stop editing! Happy blogging. */ (yoki uning rus tilidagi muqobili) degan yozuvli qatordan oldin ushbu kodni yozing (yoki kopiya qilib qo’ying):

/* Multisite */
define( 'WP_ALLOW_MULTISITE', true );

Faylda o’zgarishlarni saqlang va serverdagi fayl bilan almashtiring. Shundan keyin saytingizda WPMU imkoniyati yoqilgan hisoblanadi!

Tarmoqni sozlash

WPMU imkoniyatini muvaffaqiyatli yoqqaningizdan keyin tarmoqni sozlab olishingiz kerak bo’ladi. Buni amalga oshirishdan oldin saytingizda o’rnatilgan barcha plaginlarni vaqtincha o’chirib qo’yishingiz (deactivate) kerak bo’ladi. Shundan so’ng admin panelidagi Tools > Network Setup (rus: Instrumenty > Nastroyka Seti) bo’limiga o’tasiz:

Sozlash sahifasining eng yuqorisida serveringiz (hostingingiz)dagi Apachening mod_rewrite moduli yoqilgan bo’lishi kerakligi to’g’risida eslatma ko’rsatiladi. Ko’pchilik hostinglarda bu modul yoqilgan bo’ladi. Agar yoqilmagan bo’lsa, serveringizni boshqaruvchi asosiy administratordan bu modulni yoqishni iltimos qilishingiz kerak.

Keyingi o’rinda sayt domeni shakli qanday bo’lishi kerakligi so’raladi. Subdomen va subdirektoriya sayt domenlarining farqi haqida shu maqolaning yuqori qismida aytib o’tdik. O’z tanlovingizni belgilaysiz.

Keyingi o’rinda esa tarmoq administratorining email manzilini yozish kerak bo’ladi. Email to’g’ri ko’rsatilishi kerak. Bu manzilga tarmoqda yuz berishi mumkin bo’lgan har qanday hodisalar haqida xabarlar yuboriladi.

Barcha bandlarni to’ldirib bo’lganingizdan so’ng o’rnatish/sozlash tugmasini bosasiz va keyingi sahifaga o’tkazilasiz.

Bu sahifada serveringizdagi WordPress o’rnatilgan asosiy papkada joylashgan wp-config.php va .htaccess fayllaringizga kopiya qilib qo’yishingiz kerak bo’lgan kodlar ko’rsatiladi. Ularni tegishli fayllarga ko’piya qilib qo’ying. Buning uchun FTP orqali shu fayllarni serverdan yuklab olib, kerakli kodlarni qo’yib, saqlashingiz va serverdagi fayllar bilan almashtirish uchun FTP orqali qayta serverga yuklashingiz kerak.

Tarmoq sozlanmalarini o’zgartirish

WPMU tarmog’ini ishga tushirib olganingizdan so’ng uni sozlashingiz mumkin bo’ladi. Buning uchun sayt admin panelidan tarmoq admin paneliga o’tishingiz kerak bo’ladi:

Bu yerda tarmoqning deyarli barcha tomonini sozlash/o’zgartirish mumkin. Tarmoq admin panelidagi menyular sayt admin panelidagi menyulardan farq qilishini ham ko’rishingiz mumkin. Bu yerda tarmoqqa tegishli bo’lgan yangi sayt ochish yoki yangi foydalanuvchi tashkil qilish kabi imkoniyatlar mavjud. Bundan tashqari plaginlar o’rnatish, shablonlar yuklash hamda tarmoq sozlanmalari uchun ham alohida menyu bo’limlari bor:

Multisayt tarmog’ida yangi saytlarni ro’yxatdan o’tkazishga ruxsat berish.

Menimcha bu tarmoq sozlanmalari menyusining eng muhim bandi. Registratsiya sozlanmalari orqali tarmoqda qanday saytlar va kimlar tomonidan ro’yxatdan o’tkazilishi mumkinligi ko’rsatiladi:

Tarmoq yangi o’rnatilganda yangi saytlarni va yangi foydalanuvchilarni ro’yxatga olish o’chirilgan bo’ladi. Yuqoridagi rasmda ko’rsatilgan sozlanmalar yordamida siz:

1. Tarmoqda registratsiyani butunlay o’chirishingiz;

2. Foydalanuvchilarni ro’yxatga olishni yoqishingiz;

3. Tarmoqqa o’z login/parollari bilan kirgan foydalanuvchilarga yangi saytlar ochishga ruxsat berishingiz;

4. Saytlar va foydalanuvchilarning ikkalasiga ham registratsiya uchun ruxsat berishingiz mumkin.

Bu sahifada yangi foydalanuvchi yoki sayt ro’yxatdan o’tkazilganda administratorga email xabarnomalar yuborilishini yoqishingiz, yangi foydalanuvchi yangi sayt ochganda yangi saytda yangi foydalanuvchilar qo’sha olishiga ruxsat berishingiz va shunga o’xshash sozlanmalarni sozlashingiz mumkin.

Email limiti bo’yicha ro’yxatga olish bo’limida har bir qator uchun bittadan email manzil kiritishingiz mumkin. Bunday qilsangiz faqat ro’yxatdagi email manzilga ega bo’lgan kishilargina tarmoqda sayt ocha olishadi. Bu sozlanma faqat do’stlaringizga tarmoqda saytlar ochishga ruxsat bermoqchi bo’lganingizda ayniqsa foydali bo’ladi. Yoki faqat «umail.uz» domenli pochtalarga ruxsat berib qo’ysangiz, faqat O’zbekistonliklar tarmoqda sayt ocha oladi.

Ta’qiqlangan email domenlari bo’limida esa butun domen emaillarini ta’qiqlab qo’yishingiz mumkin. Masalan, ro’yxatga «mail.ru» deb yozsangiz, barcha manzil@mail.ru bo’lgan emailga ega bo’lgan kishilar uchun tarmoqda yangi sayt ochish yoki registratsiya butunlay ta’qiqlanadi:

Tarmoqqa yangi sayt qo’shish

Yangi saytni tarmoq paneli orqali tarmoqqa qo’shish uchun tarmoq panelining saytlar bo’limiga o’ting:

Bu sahifada tarmoqdagi mavjud barcha saytlar ro’yxati bilan bir qatorda tarmoqqa yangi sayt qo’shish tugmasi ham ko’rsatiladi:

 «Add new» (rus: Dobavit Noviy) tugmasini bosish orqali yangi ochiladigan saytingiz haqida ma’lumotlarni kiritish sahifasiga o’tkazilasiz:

Birinchi qatorda sayt domenini yozasiz. Bu yozgan domeningiz tarmoq sozlanmalariga ko’ra site1.saytingiz.uz yoki saytingiz.uz/site1 bo’lishi mumkin. Faqat A dan Z gacha bo’lgan ingliz tilidagi harflar va raqamlar yozishga ruxsat beriladi.

Ikkinchi qatorda sayt sarlavhasi/nomini yozasiz. Bu yozuv saytingizning barcha sahifalarida brauzer panelida va saytning nomi ko’rsatiladigan barcha qismlarda ko’rsatiladi.

Administrator email manziliga yangi sayt haqida ma’lumotlar, login/parollar yuboriladi.

Mustisaytga shablon va plaginlar o’rnatish

Odatiy WordPress saytga shablon o’rnatish va plagin o’rnatish qanday amalga oshirilsa, multisaytda ham huddi shunday bo’ladi. Birgina farqi o’rnatilayotgan plagin va shablonlardan tarmoqdagi barcha saytlar foydalanishi mumkin bo’ladi.

Shablon va palginlarni o’rnatish sahifasiga odatdagidek tarmoq paneli menyusi orqali o’tish mumkin:

Tarmoq uchun o’rnatilgan shablonlar ro’yxati sahifasining yuqorisida yangi shablon o’rnatish tugmasi bor. Bu oddiy saytda o’rnatiladigan shablon amaliyoti bilan bir xil tarzda o’tkaziladi. Har bir aktivlashtirilayotgan shablon tarmoqdagi barcha saytlarda foydalanish uchun chiqariladi va har bir o’chirilayotgan shablon uni ishlatib turgan tarmoqdagi mavjud saytdan ham o’chiriladi:

Tarmoqda o’rnatilayotgan yoki undan o’chirilayotgan plaginlar bilan ham huddi yuqorida aytilgan shablonlarga oid holatni ko’rishimiz mumkin.

Multisayt muammolarini hal qilish

WPMU o’rnatish va ishlatishda muammolarga duch kelishingiz mumkin. Saytingizning ba’zi jihatlari yuqorida o’rgatilganidek ishlamayotgandek tuyulishi mumkin. Har qanday muammoning yechimi bor va multisayt bilan bog’liq har qanday muammoni Google orqali bir oz qidirish bilan hal qilishingiz mumkin.

Ko’pincha WPMU bilan muammo serveringizdagi Wildcard Subdomenlarni noto’g’ri sozlashga bog’liq bo’ladi. Serveringizda Wildcard subdomenlar haqiqatdan ham ishlashini tekshirib ko’ring. Hosting kompaniyasi yoki serveringizni yuritishga mas’ul shaxs buni Sizga aytib bera oladi.

Ba’zan multisayt subdirektoriyaga o’rnatilganda foydalanuvchi kerakli kodni wp-config.php fayliga kopiya qilib o’tkazadi, ammo saytning admin paneliga kira olmay qoladi. Bunday muammoga duch kelsangiz wp-config.php faylingizda yozilgan mana bu:

define('SUBDOMAIN_INSTALL', false);

kodni mana bunisiga:

define('SUBDOMAIN_INSTALL', 'false');

almashtirib qo’ying. Ko’rib turganingizdek, birgina ‘ va ‘ belgilarining bo’lishi kodda hal qiluvchi o’rin tutishi mumkin.

Umid qilamanki, yuqoridagi ma’lumotlar Siz uchun foydali bo’ldi va WordPress tizimida multisayt imkoniyatini yoqishda muvaffaqiyatga erishdingiz. WPMU bo’yicha savollaringiz bo’lsa quyidagi fikr bildirish tizimi orqali yozib yuboring. Keyingi maqolalarimizda tizimga oid boshqa jihatlarni ko’rib o’tamiz.

WordPress tizimini Siz bilan birga o’rganayotganligimdan xursandman!

Kompyuterda muommo bormi yoki undan professional tarzda foydalanishni bilmaysizmi? Unda «e-haker» ga xush kelibsiz! Murojaat uchun tel: (+99897) 5667333; E-mail: eldor-haker@umail.uz ; Telegramdagi rasmiy kanalimiz: @HakerlikSirlari