WordPress admin paneli asosiy interfeysi

WordPress asosida ishlaydigan saytga foydalanuvchi (quyidagi rasmda – administrator) sifatida kirganingizda quyidagi ko’rinishdagi interfeys birinchi bo’lib ochiladi:

 Uning eng asosiy qismlari: yuqori qismda saytning mumiy holati haqida ma’lumot beruvchi va asosiy xossalarga boshlovchi menyular paneli, chap tomonda saytni boshqarishda faol ishlatiladigan administrator menyusi va o’rta (eng katta) qismda saytda bo’layotgan, mavjud bo’lgan asosiy o’zgarishlar, yangiliklar haqida tushuncha beruvchi alohida bloklar jamlanmasi joylashgan. Tanishishni yuqori chap tomondan boshlaymiz:

Birinchi belgi – WordPress logosi. Uni bosganimizda WordPressning rasmiy saytidagi ma’lumotlarga olib boruvchi menyu ochiladi. Bundan tashqari ushbu logodagi birinchi bo’lim orqali saytimizda o’rnatilgan WordPress dasturi haqida umumiy ma’lumot (versiyasi va h.k.) olishimiz mumkin.

Undan keyin saytimizning nomi uycha rasmi yonida ko’rsatiladi. U orqali saytimizning asosiy, hammaga ko’rinadigan qismiga oson o’tishimiz mumkin. Keyingi o’rinda WordPressning yangilash (Update/Obnovleniya) markazida nechta yangilik borligini ko’rishimiz mumkin. Bu markaz saytda o’rnatilgan barcha shablon, plagin va boshqa narsalarning eng yangi versiyasi chiqarilganligi va uni yuklab olishimiz zarurligi haqida eslatmalarni ko’rsatib turadi.

Keyingi o’rinda saytimiz maqolalariga jami nechta tasdiqlanmagan fikr (kommentariya) bildirilganligi ko’rsatiladi.

«Dobavit» menyusida saytga yangi maqola, sahifa, slayder va h.k. qo’shish uchun alohida menyular ajratilgan. Bu ishlarni chap tomondagi asosiy menyudan ham bajarsa bo’ladi. Ammo bu yerda yangi qo’shilishi mumkin bo’lgan barcha narsalar alohida ajratib ko’rsatilgan.

Keyingi o’rinda (yuqoridagi rasmda «Jarida» deb yozilgan) saytda joriy o’rnatilgan shablon nomi ko’rsatiladi. U orqali shablonning asosiy sozlanmalariga o’tish mumkin. Bu bo’lim ba’zi shablonlarda umuman ko’rsatilmaydi.

Endi chap tomondagi asosiy menyu bilan tanishamiz:

 Menyuning «Konsol» qismida admin panelning asosiy ko’rinishiga va yangilanishlar markaziga o’tish uchun linklar bor.

«Zapisi» bandi orqali saytga yangi maqolalar qo’shishimiz, mavjud maqolalarni ko’rishimiz, saytda mavjud bo’limlarni ko’rishimiz va saytda ishlatilayotgan kalit so’zlarni ko’zdan kechirib chiqishimiz mumkin.

«Custom Sliders» bo’limi orqali sayt shablonining turli joylarida o’zimiz xohlagan slayder (rasmlar slaydi) tashkil etishimiz mumkin. WordPress bilan endigina tanishayotganlar uchun bu bo’limda ishlash qiyin bo’lishi mumkin. Ba’zi shablonlarda bunday turdagi slayderlarni qo’yish uchun maxsus joylar tayyorlanib, administrator ishi ancha osonlashtirilgan.

«Mediafayli» bo’limi saytimizning fayllari saqlanadigan kutubxonasi hisoblanadi. Bu yerda rasm, audio, video, xujjatlar, arxivlar… umuman, saytga qanday fayl yuklagan bo’lsak, barchasi ko’rinadi. Bu bo’lim orqali saytga yangi fayl qo’shish yoki mavjudlarini boshqarish mumkin.

«Ssilki» bo’limida saytimizda mavjud bo’lgan, chetki saytlarga yo’naltirilgan bog’lar (linklar)ni boshqarishimiz mumkin. Bu bo’lim juda katta muhimlikka ega emas. U shablonda shu turdagi widget ishlatganingizdagina kerak bo’lishi mumkin.

«Stranitsi» bandida saytimizda mavjud bo’lgan o’zgarmas (ma’lumot tez-tez yangilab turilmaydigan) sahifalarni boshqarishimiz mumkin.

«Kommentarii» bo’limida maqolalarimizga sayt foydalanuvchilari tomonidan bildirilgan fikrlar ko’rsatiladi. Ularning tasdiqlanmagan, yangilari soni yuqoridagi rasmdagidek ko’rsatiladi.

«Vneshniy vid» bo’limida saytning tashqi ko’rinishiga ta’sir qiluvchi shablon, vidjet, menyu kabi qismlarni sozlashimiz mumkin.

«Plagini» bo’limida saytda mavjud, o’rnatilgan plaginlarni boshqaramiz. Plaginlar – saytga qo’shimcha imkoniyat qo’shuvchi kichik dasturlar hisoblanadi. Ular haqida keyingi maqolalarda batafsil ma’lumot beramiz. Saytda mavjud plaginlarning eskirgan, yangilanishni talab qiluvchilari soni yuqoridagi rasmdagidek ko’rsatiladi.

«Polzovateli» bo’limida saytimizning foydalanuvchilarini boshqaramiz. Bu bo’limda yangi foydalanuvchi qo’shish, ularga daraja belgilash, mavjudlarini o’chirish yoki darajalarini o’zgartirish mumkin.

«Instrumenti» bo’limida saytni boshqarishda administrator uchun kerak bo’lishi mumkin bo’lgan qo’shimcha imkoniyatlar mavjud. Ular orasida sayt ma’lumotlarini import/eksport qilish ham bor.

«Nastroyki» bo’limida sayt sozlanmalari joylashgan. Bu yerda saytning umumiy holatiga ta’sir etuvchi eng muhim sozlanmalarni topishingiz mumkin. Unda barcha turdagi sozlanmalar o’z tasir doirasiga ko’ra alohida bo’limlarga ajratilgan.

Keyingi o’rinda saytda o’rnatilgan shablon sozlanmalari ko’rsatiladi. Bizda joriy «Jarida» shabloni bo’lganligi sababli bizning admin panelimizda aynan «Jarida» bo’limi shablon sozlanmasi sifatida ko’rsatilgan.

Menyu so’ngida menyuni chap tomonga kichik shaklda «surib qo’yish» imkoniyati bor.

Saytning asosiy interfeysida eng katta joy egallaydigan, o’rta qism ko’rinishi:

 Bu yerdagi xossalarning barchasini chap tomondagi sayt boshqaruvi menyusi orqali amalga oshirish mumkin. O’rta qismda berilgan barcha qisqa ma’lumotlar, tezlik bilan bajarilishi mumkin bo’lgan ishlar faqat foydalanuvchi qulayligi uchun tayyorlab qo’yilgan. Ya’ni, misol uchun, saytga maqola kiritmoqchi bo’lsangiz va chap tomondagi menyu orqali kirishga erinsangiz, asosiy interfeysdagi maqola kiritish bandi orqali maqolangizni tez yozishingiz va darhol chop etishimiz mumkin.

Keyingi maqolalarda WordPressdan administrator sifatida foydalanishdagi eng zaruriy, muhim xossalardan boshlab tushunchalar berishga o’tamiz.

Kompyuterda muommo bormi yoki undan professional tarzda foydalanishni bilmaysizmi? Unda «e-haker» ga xush kelibsiz! Murojaat uchun tel: (+99897) 5667333; E-mail: eldor-haker@umail.uz ; Telegramdagi rasmiy kanalimiz: @HakerlikSirlari