Dasturchilikda frontend va backend farqi

Avvalo «frontend» va «backend» so’zlarining o’zbek tilidagi ma’nolari bilan tanishib chiqaylik. «Frontend» (front end, front-end) o’zbek tilida «Oldindagi (ustki) tomon» degan ma’noni anglatadi. Biz bu so’z bilan u yoki bu narsaning tashqi, hammaga ko’rinib turadigan qismini nazarda tutamiz. Backend (back end, back-end) esa Frontendning aksi hisoblanib, qaysidir narsaning ichki, yoki orqa tomoni degan ma’noni anglatadi. Bu bilan biz qaysidir narsaning hammaga ko’rinmaydigan, yashiring, ichki yoki orqa tomonini nazarda tutgan bo’lamiz.

WordPressni o’rganishga oid maqolalarimizning ko’pchiligida backend va frontend so’zlarini ko’p uchratgansiz. Bu so’zlar WordPress tizimiga nisbatan ishlatilganda tizimning ustki va ichki (old va orqa) tomonlari nazarda tutiladi. Demak, WordPress uchun frontend va backend so’zlari ishlatilsa, quyidagilarni tushunishimiz kerak:

Frontend – WordPress tizimi asosida ishlaydigan saytning manzilini brauzerda yozib, unga tashrif buyurganimizda ko’rinadigan qismi. Bu saytning asosiy sahifasi, maqolalar sahifasi, qidiruv sahifasi va hokazolar bo’lishi mumkin. Har qanday foydalanuvchi saytga tashrif buyurganda saytning frontend qismini ko’radi.

Backend – WordPress tizimining admin panel qismi. Bu qismga faqat saytga a’zo bo’lgan foydalanuvchilar yoki administrator kirishi mumkin. Backend qismda saytni boshqarish ishlari amalga oshiriladi. WordPress tizimida «Subscriber» mansabidagi foydalanuvchilar saytning backend qismida o’zlarining profil ma’lumotlarini o’zgartirishdan boshqa amaliyotlarni bajara olishmaydi.

WordPress tizimidan tashqari, umuman saytlar tayyorlash sohasidagi web dasturchilikda ham saytlarning frontend va backend qismlari farqlanadi. Bunda asosan frontend usta va backend usta degan yo’nalishda ishlovchi kishilar farqlanadi.

Frontend usta (frontend developer) saytning HTML, CSS va JavaScriptda tayyorlanishi uchun mas’ul bo’ladi. Zamonaviy sayt tayyorlash texnologiyalari bilan bugungi kunda frontend ustalar ishlari faqat bu bilan cheklanib qolmayapti. Bugun frontend ustalar kechagi oddiy verstka qiluvchilar emas. Ular endilikda saytlarning responsive (moslashuvchan) bo’lishi, barcha ekranlarda bir xil ko’rinishi, saytdan foydalanishdagi qulayliklar haqida o’ylashlari kerak bo’ladi. Demak, kechagina dizayner chizib bergan sayt rasmiga HTML, CSS va JavaScript yordamida jon bag’ishlagan frontend ustalar bugungi kunda saytning ko’proq jihatlari ustida ishlashmoqda va backend ustalar ishidan hech ham qolishmaydigan qiyinchilikdagi vazifani bajarishmoqda.

Backend ustalar (backend developer) esa asosan server tomonda ishlaydigan dasturlash tillari bilan ishlashadi. Sayt foydalanuvchilari saytning frontend qismida yuborgan ma’lumotlarning serverga jo’nalishi, ularning qayta ishlanishi va foydalanuvchiga qaytarib jo’natilishi – bularning barchasi backend usta mehnati natijasi ro’yobga chiqadigan jarayonlar hisoblanadi. Backend ustalar saytning ko’rinishi, tashqa tomoni haqida qayg’urmay, uning faqat ichki, «parda ortida» ishlashi to’g’risida bosh qotirishadi.

Xulosa qilib aytganda, front end – saytning tashqi ko’rinishi va uni front end ustalari tayyorlashadi. Back end – saytning ichki, yoki orqa tomoni va uni back end ustalar tayyorlashadi.

Kompyuterda muommo bormi yoki undan professional tarzda foydalanishni bilmaysizmi? Unda «e-haker» ga xush kelibsiz! Murojaat uchun tel: (+99897) 5667333; E-mail: eldor-haker@umail.uz ; Telegramdagi rasmiy kanalimiz: @HakerlikSirlari