G‘ildiraklar ustidagi “noutbuk”. Yaponiyada noodatiy elektrotransport sotuvga chiqdi

Yaponiyaning Cocoa Motors kompaniyasi o‘lchami jihatidan 13 dyuymli noutbukka o‘xshash Walkcar nomli noodatiy elektr taxtani sotuvga chiqardi, deb xabar beradi Hi-Tech.Mail.ru.

Elektrotaxtaning og‘irligi 2,7 kilogrammga teng bo‘lib, sport rejimida soatiga 16 kilometr tezlikda harakatlana oladi. Qurilma xuddi giroskuter prinsipida boshqariladi — tanani turli tomonlarga og‘dirish orqali tezlikni boshqarish va kerakli tomonga burilish mumkin.

To‘rtta g‘ildirakning har birini ichiga kichkina, biroq kuchli elektrodvigatel o‘rnatilgan. Ular 10 daraja qiyalikka ham ko‘tarilish imkonini beradi. Walkcar ustidagi odam qurilmadan tushishi bilan u avtomatik ravishda to‘xtaydi. Shu orqali uni tezda to‘xtatish va turli to‘siqlarga duch kelganda yoki bino ichiga kirishda ko‘tarib olish mumkin.

Qulay korpus va og‘irligi sabab avtonomlikdan voz kechishga to‘g‘ri kelgan — bir marta quvvatlanish orqali 7 kilometr masofa bosish mumkin xolos. Shuningdek, foydalanuvchi og‘irligiga ham cheklov o‘rnatilgan — 80 kilogramm.

Walkcar’ning yana bir kamchiligi — narxi. Kichik korpus ichiga to‘rtta dvigatel joylashtirish qimmatga tushgan. Shu sababli ushbu qurilmani Yaponiyada 1800 dollar evaziga buyurtma qilish mumkin.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan